
O’zbekiston Davlat konservatoryasi Nukus filiali
Hisob-kitob bo'limi bosh hisobchi
Berdekeev Baxadir Jumanazarovich
Telefon:+998-99-528-51-18
E-mail:baxa.19.85@mail.ru
Mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar qilinayotgani ma’lum bo‘lib qolgan hollarda, bosh buxgalter tegishli chora ko‘rishi uchun bu haqda tashkilot rahbariga yozma axborot beradi.
Moddiy javobgar shaxslarni (kassirlar, ombor mudirlari va boshqalar) lavozimga tayinlash, ozod etish va boshqa lavozimga o‘tkazish masalasi bosh hisobchi bilan kelishib hal qilinadi.
Turli tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalarni, agar ular bevosita tashkilotning moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek, xodimlarga mansab maoshlari, ish haqi ustamalari hamda mukofotlarni belgilash to‘g‘risidagi buyruqlar va farmoyishlarni dastlab bosh hisobchi ko‘rib chiqadi va ularga imzo chekadi.
Tashkilot rahbari bosh buxgalter ushbu yo‘riqnomada, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan o‘z majburiyatlarini bajarishi hamda huquqlaridan foydalanishida yordam berishga majbur.
Bosh buxgalter o‘z majburiyatlarini bajargani hamda o‘z huquqlaridan foydalangani uchun tazyiq o‘tkazish qat’iyan taqiqlanadi.
Bosh buxgalter pul mablag‘lari, tovar-moddiy va boshqa qimmatliklarni qabul qilish, saqlash va sarflash bo‘yicha qonunchilikka zid bo‘lgan operatsiyalar bilan bog‘liq hujjatlarni ijroga qabul qilishi hamda rasmiylashtirishi taqiqlanadi.
Agarda, tashkilot rahbari tomonidan bosh buxgalter ijro etishi uchun berilgan farmoyish (buyruq) yuzasidan bosh buxgalter va tashkilot rahbari o‘rtasida ushbu farmoyishni (buyruqni) buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishning belgilangan tartibiga yoki qonunchilikka muvofiqligi borasida ziddiyat (kelishmovchilik) yuzaga kelsa, bosh hisobchi ushbu farmoyish (buyruq)ni ijro etmay turib, zudlik bilan tashkilot rahbariga mazkur holat yuzasidan asoslangan yozma axborot beradi.
Bosh buxgalter tomonidan yozma ravishda axborot berilishiga qaramasdan tashkilot rahbari qayta yozma farmoyish (buyruq) bergan hollarda, bosh hisobchi ushbu farmoyish (buyruq)ni bajaradi. Bunda ushbu harakatning sodir bo‘lganligi uchun javobgarlik to‘liq tashkilot rahbariga yuklatiladi.
Tashkilot rahbari o‘zi qabul qilgan qaror to‘g‘risida yozma ravishda uch kunlik muddat ichida yuqori tashkilotga yoki tegishli moliya organiga xabar berishi shart. Shunday xabarni olgan yuqori tashkilot yoki tegishli moliya organi belgilangan tartibda uni ko‘rib chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni ko‘radi.
Buxgalteriyaga boshlang‘ich hisob hujjatlarini topshirish muddatlari bosh buxgalter tomonidan tuzilib, tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida belgilanadi. Moddiy javobgar va boshqa mansabdor shaxslarga ushbu jadvaldagi hujjatlarni va ma’lumotlarni buxgalteriyaga topshirish muddatlari haqida ko‘chirma taqdim etiladi.
Tashkilotlarning barcha bo‘limlari (xodimlari) buxgalteriyaga buxgalteriya hisobini yuritish uchun kerak bo‘ladigan barcha zaruriy hujjatlarni (buyruq va farmoyishlarning ko‘chirmalarini, shuningdek, turli xil shartnoma, to‘lov hujjatlari va boshqalarni) o‘z vaqtida taqdim qilishlari shart.
Bosh buxgalterning buxgalteriya hisobini yuritishi uchun talab qilinadigan hujjatlar va ma’lumotlarni rasmiylashtirish va buxgalteriyaga taqdim qilishga doir talablarini o‘z vaqtida bajarishga tashkilotning barcha xodimlari majbur.
Bosh buxgalter uning hisob va hisobot bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan topshiriqlarni berish mumkin emas. Shuningdek, bosh hisobchiga pul mablag‘lari va moddiy qimmatliklar uchun bevosita moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalarni yuklash mumkin emas. Unga banklar va boshqa tashkilotlardan bevosita pul mablag‘larini olish taqiqlanadi.
Tashkilotlarda pul, tovar-moddiy va boshqa boyliklarni qabul qilish va berish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan hujjatlar, shuningdek xarajatlar smetasi ijrosiga taalluqli barcha hujjatlar hamda moliyaviy hisobotlar tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari va bosh buxgalter yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi. Qonunchilikka muvofiq vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarida birinchi imzo huquqi shu vazirlik, davlat qo‘mitasi va idorasining boshqarma yoki mustaqil bo‘linmalarining boshliqlariga berilishi mumkin.
Bosh buxgalter yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanmagan boshlang‘ich hisob hujjatlari ijro uchun yaroqsiz hisoblanadi va ijroga qabul qilinmaydi.