




Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali va Xitoy Xalq Respublikasidagi Uxan musiqiy konservatoriyasi o‘rtasida 2025-yil 10-may kuni o‘zaro hamkorlik shartnomasi tuzilgan edi. Ushbu shartnoma doirasida 2025-yilning 15-16-sentyabr kunlari Uxan musiqiy konservatoriyasida master-klass va konsert dasturi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu tadbirda ishtirok etish maqsadida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining direktori R.Allanbaev, «Umumkasbiy va ijtimoiy-gumanitar fanlar» kafedrasi dotsenti v.v.b. J. Charshemov va talaba-yoshlar Xitoy Xalq Respublikasiga yo‘l olgan edi.
Tadbir davomida filialimiz direktori R.Allanbaev qoraqalpoq milliy cholg‘u asbobi alamoynaq dutorida qoraqalpoq kuylarini jonli ijro etdi va musiqa cholg‘usini Uxan musiqiy konservatoriyasi rektori Ley Yunga sovg‘a qildi. Yangragan kuylar yig‘ilganlarda, ayniqsa, rektorda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
Undan so‘ng Uxan musiqiy konservatoriyasi rektori Ley Yun filialimiz direktori R.Allanbaevga qimmatbaho sovg‘alar topshirdi va ular birgalikda Xitoy Xalq Respublikasi bo‘ylab sayohat qilishdi.
Bunday hamkorliklar ikki mamlakat o‘rtasidagi san’at sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.